Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoq Prezidenti, Avstraliya Parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Milton Dik bilan uchrashdi.
Uchrashuvda 2026–2029-yillarda O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, O‘zbekiston–Avstraliya parlamentlararo aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Milton Dik O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq faoliyatidagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratib, mamlakat rahbariyatining parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va parlament maydonida dolzarb tashabbuslarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarini ta’kidladi.
Suhbat davomida 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi hamda 2026-yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi yakunlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida yaqin vaqt ichida onlayn uchrashuv o‘tkazish taklif etildi. Unda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kelishib olish va O‘zbekiston tashabbuslarini Parlamentlararo ittifoqning 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasiga kiritish imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.