Jamiyat / 22-Iyul, 15:10 7069

Senat qoʻmitasi va Notarial palata oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Notariat tizimini takomillashtirish, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va qonun ijodkorligi jarayonida soha mutaxassislarining amaliy tajribasidan kengroq foydalanish maqsadida yangi hamkorlik mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Kelishuv doirasida notarial xizmatlarni aholiga yanada qulay va tezkor shaklda koʻrsatish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda sohani raqamlashtirish boʻyicha takliflarni birgalikda ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirishda amaliyotda uchrayotgan muammolarni hisobga olish maqsadida Qoʻmita huzuridagi ekspert va ishchi guruhlari faoliyatiga notariat sohasida tajribaga ega mutaxassislarni jalb etish nazarda tutilgan. Bu qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirishda sohadagi real ehtiyojlarni yanada kengroq aks ettirish imkonini beradi.

Hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi aholining huquqiy bilim va madaniyatini oshirish bilan bogʻliq. Tomonlar qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash, shuningdek, konferensiya va seminarlarni birgalikda tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Imzolangan memorandum Senat qoʻmitasi va Notarial palata oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish, notarial xizmatlarni takomillashtirish hamda fuqarolarning huquqiy manfaatlarini samarali taʼminlashga xizmat qiladi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash