Jamiyat / 09-Oktabr, 11:32 30

Buxoroda xotin-qizlar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash ishlari o‘rganilmoqda

Ayni kunlarda ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida viloyatda bank kreditlari hisobidan 58 mingdan ziyod tadbirkor ayolning umumiy qiymati 1,6 trillion so‘mlik loyihalari moliyalashtirilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida esa 3,9 ming nafar xotin-qizning 110,7 milliard so‘mlik loyihalari qo‘llab-quvvatlangan.

Shuningdek, viloyatda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar soni qariyb 130 ming nafarga yetgan.

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Moliyaviy ommabop” kredit mahsuloti doirasida joriy yilda viloyatdagi 411 nafar xotin-qizga 18,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

O‘rganishlar davomida barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan Kogon tumani shtabi faoliyati ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “B. Naqshband” mahallasida “mahalla yettiligi” tomonidan aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mikroloyihalar va tadbirkorlik subyektlari faoliyati o‘rganildi.

O‘rganishlar yakunida aniqlangan muammolar va mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda sohadagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqiladi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash