Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda davlat xizmatlarini soddalashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan besh yil davomida sohaga oid 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Kadastr sohasidagi axborot tizimlarini integratsiya qilish borasida ham muhim natijalarga erishildi. Avval alohida faoliyat yuritgan “Davreyestr”, “Ko‘chmas mulk” va “Ko‘chmas mulk-3” axborot tizimlari o‘rniga Jahon banki bilan hamkorlikda Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot portali — UZKAD tizimi ishga tushirildi.
Shuningdek, yer va kadastr nazoratining samaradorligini oshirish maqsadida “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilib, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Yalpi majlisda senatorlar sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalarga ham e’tibor qaratdi. Ko‘chmas mulk obyektlarining bozor qiymatini belgilash mexanizmlarini joriy etish, strategik investorlarga yer uchastkalarini ajratish tartibini soddalashtirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan kadastr xizmatlari sifatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Kadastr organlari faoliyatida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi va asosliligi ustidan ichki nazoratni kuchaytirish masalalari ham alohida ta’kidlandi.
Muhokama yakunida mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish va ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.