Namangan viloyatida oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlarining tashkil etilishi hamda abituriyentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.
Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov test jarayonlarini kuzatib, imtihonlarni belgilangan talablar asosida tashkil etish, abituriyentlar uchun qulay va munosib muhit yaratish masalalariga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari uchun ajratilgan kutish hududlari, u yerdagi sharoit va qulayliklar ham ko‘zdan kechirildi.
Senator ota-onalar bilan bevosita muloqot qilib, qabul jarayonining tashkil etilishi yuzasidan ularning fikr va takliflarini tingladi. Abituriyentlarga esa test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishda muvaffaqiyat tiladi.
O‘rganish davomida oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlarida ochiqlik, shaffoflik va adolatlilikni taʼminlash, shu bilan birga, abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim ekani qayd etildi.