Tahlil / 10-Sentabr, 07:48 6246

Yalpi majlisda Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash borasida Milliy gvardiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Qurolli Kuchlar bilan hamkorligi izchil rivojlanmoqda.

2017-yilda tashkil etilgan Milliy gvardiyaning huquqiy maqomi 2020-yilda alohida qonun bilan mustahkamlangan. Keyingi yillarda sohaga oid 20 dan ortiq qonun, shuningdek, 70 dan ziyod farmon va qaror qabul qilinib, tuzilmaning yangi vazifa va vakolatlari belgilandi. Amaliy tajriba esa mavjud normalarni zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, takrorlanuvchi qoidalarni bartaraf etish va ayrim huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish zarurligini ko‘rsatdi.

Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari qayta tizimlashtirilmoqda. Jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash hamda qo‘riqlash faoliyatiga doir vazifalar birlashtirilib, ommaviy tartibsizliklarga chek qo‘yish alohida yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.

Davlat, o‘ta muhim va toifalangan obyektlarni, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlashga oid vazifalar ham amaldagi vakolatlardan kelib chiqib maqbullashtirilmoqda. Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida zamonaviy maxsus vositalardan foydalanishga doir huquqlar aniqlashtirilmoqda.

Qonunda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish tartibiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, harbiy xizmatchi fuqaroga murojaat qilganda o‘z lavozimi, harbiy unvoni, familiyasi, ismi va otasining ismini aytishi, murojaat sababi hamda maqsadini tushuntirishi, fuqaroning talabiga binoan xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart.

Senatorlarning fikricha, mazkur o‘zgartirishlar Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, uning faoliyatini bugungi talablar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Teglar
#Tahlil
Baholash