Jamiyat / 23-Iyul, 14:03 4876

Sergeli tumanida jinoyatchilik kamayib, xavfsizlik infratuzilmasi kengaytirildi

Sergeli tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 18 foizga kamaydi. Jinoyatlarni aniqlash va fosh etish ko‘rsatkichi esa 34 foizga oshdi.

Bu natijalar Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining qo‘shma majlisida tahlil qilindi. Unda tumandagi kriminogen vaziyat, korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda aholi uchun xavfsiz muhit yaratish borasidagi ishlar muhokama qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik holatlari 73 foizga, qasddan tan jarohati yetkazish 37 foizga, qotillik 77 foizga kamaygan. Shuningdek, oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 40 foizga, kiberjinoyatlar esa 55 foizga qisqargan.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashishda 124 ta holat fosh etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘p. Profilaktik ishlar natijasida tumandagi 29 ta mahalla “yashil”, 15 tasi “sariq”, “Eshonbuloq” va “Qut-Baraka” mahallalari esa “qizil” toifaga kiritilgan. O‘tgan yilga nisbatan “qizil” mahallalar soni 7 taga, “sariq” toifadagilar esa 13 taga kamaygan.

Jamoat xavfsizligini taʼminlashda raqamli texnologiyalardan foydalanish ham kengaymoqda. Mahallalardagi faol kuzatuv kameralari soni 805 taga yetkazilgan. “Raqamli avtomobil bozori” dasturi doirasida avtomobil bozorining 6 ta kirish-chiqish darvozasi to‘liq raqamlashtirilgan.

Majlisda tuman prokuraturasi, ichki ishlar organlari hamda boshqa masʼul tashkilotlarning axborotlari eshitilib, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham tanqidiy tahlil qilindi.

Muhokamalar yakunida profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish, xavf yuqori bo‘lgan mahallalarda manzilli choralarni davom ettirish, korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi hamda tegishli qaror qabul qilindi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash