Davlat veterinariya nazoratini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda hududlarda ichimlik va oqova suv xizmatlari sifatini oshirish masalalari Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi majlisida muhokama qilindi.
Majlisda “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonunga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Hujjat milliy veterinariya tizimini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari toʻgʻrisidagi bitimi hamda Jahon hayvonlar sogʻligi tashkiloti xalqaro kodekslari talablariga uygʻunlashtirishga qaratilgan.
Yangi normalarda hayvonlar kasalliklarini davolashdan ko‘ra ularning oldini olishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Yuqumli kasalliklar boʻyicha hududlar va kompartmentlarni ajratish, ularning xavfsizlik toifalarini belgilash, veterinariya-sanitariya choralarini xavf tahlili asosida qoʻllash hamda nazoratdagi tovarlarni zarur hollarda laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazish nazarda tutilmoqda.
Majlisda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash holati ham tahlil qilindi. Bugungi kunda respublika aholisining 83 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan, 8,3 million kishiga esa markazlashgan oqova suv xizmatlari koʻrsatilmoqda.
Davlat dasturlari doirasida 1 117 kilometr ichimlik suvi va 190 kilometr oqova suv tarmoqlari, 23 ta ichimlik suv hamda 9 ta oqova suv inshooti qurilib, rekonstruksiya qilingan. Natijada 446 ming aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanib, 78 ming kishiga koʻrsatilayotgan oqova suv xizmatlari sifati oshirilgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda suvni belgilangan grafik asosida yetkazib berishdagi uzilishlar, suv bosimi va sifati, eskirgan kanalizatsiya tarmoqlari hamda ayrim qurilish va investitsiya loyihalarining kechikishi kabi muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va loyihalar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlari uchun oʻtkazilgan seminarda hududlardagi suv taʼminoti loyihalarini tizimli monitoring qilish, mutasaddi tashkilotlar hisobotlarini eshitish va mavjud muammolar yuzasidan taʼsirchan deputatlik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.