Jamiyat / 14-Oktabr, 12:10 29

Senator talaba-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Sening tashabbusing — sening kelajaging” mavzusida talaba-qizlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Qodirxonova ishtirok etdi.

Muloqot davomida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, zamonaviy ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilmiy izlanishlar olib borish, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda qizlarning sifatli ta’lim olishi, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishi va o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishi nafaqat ularning kelajakdagi muvaffaqiyati, balki jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Shu bois yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, mustaqil fikrlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shuningdek, iqtidorli talaba-qizlarning ilm-fan, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik sohalaridagi faolligini oshirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda talaba-qizlar ta’lim, kasbiy rivojlanish va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, batafsil javoblar oldi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash