Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi parlament nazorati tartibida muhokama qilindi.
Majlisda investitsiyalar, sanoat va savdo, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va geologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, temir yo‘l transporti, farmatsevtika, ilm-fan va boshqa yo‘nalishlarga mas’ul vazirlik hamda idoralar vakillarining axborotlari tinglandi. Shuningdek, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi vakili ham hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, fan hamda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Prezidentning 2026-yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 174-sonli qarori bilan tegishli “yo‘l xaritalari” tasdiqlangan.
Majlisda mazkur “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalarning bajarilishi, amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim vazifalar ijrosida kechikishlar mavjudligi, mas’ul ijrochilar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
So‘zga chiqqanlar kelishuvlar ijrosini faqat amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlar bilan emas, balki aniq amaliy natijalar asosida baholash muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, ayrim kelishuvlarni amalga oshirishda Pokiston tomoni bilan hamkorlikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni shakllantirish va ularni parlamentlararo muloqot doirasida muhokama qilish zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.