Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida senator Odiljon Mamatkarimov saylovchilar bilan uchrashib, aholini qiynayotgan masalalarni oʻrgandi.
Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Mamatkarimov Uchqoʻrgʻon tumanida saylovchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida Senatning yigirmanchi yalpi majlisida koʻrib chiqilgan qonunlar va masalalar mazmun-mohiyati tushuntirildi. Xususan, ularning qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy barqarorlikni saqlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirishdagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, qonunchilikdagi yangiliklarning amaliy ahamiyati va fuqarolar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Tashrif doirasida “Qoʻgʻay” mahallasida masʼul tashkilotlar vakillari ishtirokida sayyor qabul ham tashkil etildi.
Unda fuqarolar ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti, ichki yoʻllarni taʼmirlash, obodonlashtirish, bandlik, ijtimoiy himoya hamda tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq muammolarni koʻtardilar.
Murojaatlar masʼullar ishtirokida koʻrib chiqilib, fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi. Qoʻshimcha oʻrganish va amaliy choralar koʻrishni talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan muammolarni hal etish va ularning ijrosini nazorat qilish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.