Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini o‘zgartirish masalasi muhokama qilindi.
Mazkur tashabbus Zarafshon shahrini istiqbolli rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, Tomdi tumani hududidagi 2 459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Yangi hududlarning o‘zlashtirilishi natijasida 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 500 dan ziyod savdo, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Zarafshon shahrida sanoat va ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, aholi soni hamda iqtisodiy faollikning ortishi uy-joy, ijtimoiy obyektlar va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Shahar chegaralarining kengaytirilishi uning kelgusidagi taraqqiyoti uchun zarur hududiy imkoniyatlarni yaratadi.
Yangi hududlarda turar joylar qurish bilan birga, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, kanalizatsiya va boshqa zarur infratuzilma bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bu esa aholi bandligini oshirish, ayniqsa, yoshlar va mehnat bozoriga kirib kelayotgan fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Senatorlar yangi hududlarni shahar tarkibiga qo‘shish faqat ma’muriy o‘zgarish bilan cheklanmasligi, ularni kompleks va rejali rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi lozimligini ta’kidladi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.