Bektemir tumanida jamoat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida videokuzatuv tizimlari kengaytirilib, ko‘p qavatli uylar va tadbirkorlik obyektlarini texnik qo‘riqlash hamda aholi gavjum hududlarda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qator choralar amalga oshirilgan.
Bu boradagi ishlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Bektemir tumani Kengashining qo‘shma majlisida tahlil qilindi. Unda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama qilindi.
Bugungi kunda tumandagi mahallalar, aholi gavjum joylar, ko‘p qavatli uylar, asosiy ko‘chalar va savdo majmualarida 200 dan ortiq videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Shuningdek, 291 ta ko‘p qavatli uy va xonadon hamda 274 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti texnik qo‘riqlovga olingan.
Turar joylarda xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida 223 ta ko‘p qavatli uyning kirish eshiklariga domofonlar o‘rnatilgan. “Qo‘yliq” va “FOOD CITY” bozorlarida esa situatsion markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, “Huquq-tartibot maskani” tashkil etilgan.
Majlisda jinoyatchilikning oldini olish bilan bir qatorda ijtimoiy profilaktika natijalariga ham eʼtibor qaratildi. Mudofaa vazirligi gospitalining malakali shifokorlari jalb etilgan holda tumandagi 18 ta mahallada bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, qariyb 5 ming nafar keksa, ayol va bolaga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan.
Muhokamada amalga oshirilgan ishlarning natijadorligini oshirish, profilaktika choralarini mahallalar kesimida manzilli davom ettirish hamda zamonaviy nazorat vositalaridan samarali foydalanish orqali tumanda xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi.