Andijon viloyatida Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlarning mazmun-mohiyati va ularni amaliyotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbir xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashida Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ishtirokida tashkil etildi. Unda viloyat va tuman (shahar) Kengashlari deputatlari, kotibiyat mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari qatnashdi.
Yig‘ilishda Senatning yigirmanchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlarning ijtimoiy-huquqiy ahamiyati, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari va qonunchilikda belgilangan normalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun mazmuniga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirish, ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda jabrlangan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining barvaqt oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish, mas’ul davlat organlari hamda tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Qonunlar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Tadbir davomida deputatlar qonunlarni amaliyotda qo‘llash, ularning ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlarning o‘rni va vakolatlariga oid savollariga javob oldi.
Yig‘ilish yakunida qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish, ularning ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini o‘rnatish hamda bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.