Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Husan Ermatov Ozarbayjonning “Xalq Cəbhəsi” nashriga intervyu berdi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Intervyuda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va qardoshlik munosabatlarining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Fuzuliy shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi samimiy doʻstlik hamda kelajak avlodlar manfaatlariga yoʻnaltirilgan hamkorlikning namunasi sifatida qayd etildi.
Shuningdek, turkiy davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, transport-logistika yoʻlaklarini rivojlantirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Taʼlim va ilm-fan sohalarida tajriba almashish, oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish hamda mavjud hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ham taʼkidlandi.