Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi vakili, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oral Ataniyazova ishtirok etdi. Yigʻilishda qoʻmita faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot koʻrib chiqildi.
Muhokamalar davomida xalqaro moliyalashtirish hajmi qisqarayotgan sharoitda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, onalik va bolalikni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu yoʻnalishlardagi dasturlarning uzluksiz va barqaror amalga oshirilishini taʼminlash uchun qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda byudjet mablagʻlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasidagi ustuvor dasturlar samaradorligini oshirishda parlamentlarning qonunchilik tashabbuslari va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi muhim oʻrin tutishi qayd etildi.