2026-yil 21-oktabr kuni Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA) Kengashining XV yalpi majlisi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Marlen Mamataliyev bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, tegishli qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish hamda qonun ijodkorligi tajribasi bilan almashish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish istiqbollariga ham e’tibor qaratildi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, xususan, chegaraoldi hududlarning mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda barcha hududlar ishtirokida Birinchi hududlar forumini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, turizm, ta’lim va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlash, parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini muntazam tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida navbatdagi Parlamentlararo komissiya yig‘ilishini 2027-yilda Namangan yoki Farg‘ona viloyatida o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Mazkur tadbirda parlament qo‘mitalari, mahalliy vakillik organlari hamda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.