Jahon / 12-Oktabr, 16:57 26

O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantiradi

Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba G‘afarova bilan uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro maydonlarda o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan izchil muloqoti tufayli izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar.

Shuningdek, O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raisligi davrida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ozarbayjon tomoni Harakatning Parlament tarmog‘i doirasida o‘zaro muvofiqlashuvni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni xalqaro maydonlarda ilgari surishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitish maqsadida Ikkinchi O‘zbekiston–Ozarbayjon parlamentlararo forumini o‘tkazish hamda 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma amaliy tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Teglar
#Jahon
Baholash