Jahon / 14-Oktabr, 12:28 19

Marko Rubio Samarqandga 200 dan ortiq amerikalik biznes vakili bilan keladi

AQSH Davlat departamenti Marko Rubioning Samarqandga tashrifiga oid yangi tafsilotlarni e’lon qildi. AQSH Davlat kotibining 17–22-oktabr kunlariga mo‘ljallangan safari Samarqanddan boshlanadi.

Ma’lum qilinishicha, Marko Rubio 200 dan ortiq amerikalik biznes vakilidan iborat yirik tijoriy delegatsiyaga boshchilik qiladi. Avvalroq Samarqandga AQSHning 100 dan ziyod kompaniyasi vakillari tashrif buyurishi haqida xabar berilgan edi.

Tashrif doirasida Samarqand shahrida “C5+1” formatida vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Marko Rubio O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

AQSH Davlat departamenti ushbu tashrif Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tijoriy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun: Marko Rubio — amerikalik siyosatchi va davlat arbobi, AQSH Davlat kotibi. U avval Florida shtati senatori bo‘lib ishlagan va Respublikachilar partiyasi a’zosi hisoblanadi.

Teglar
#Jahon
Baholash