Jahon / 28-Sentabr, 16:35 58

Parlament yuqori palatasi rahbari Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etdi

Toshkent shahrida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi o‘z ishini boshladi.

Xalqaro forumda 10 ta xalqaro va 8 ta mintaqaviy tashkilot, 8 ta xorijiy davlatning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari, 30 dan ziyod yetakchi milliy va xorijiy ekspertlar, tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari hamda biznes doiralari vakillari ishtirok etmoqda. Jami 200 ga yaqin ishtirokchi tadbirda oflayn va onlayn formatlarda qatnashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini yuksaltirish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Forumning tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, inson huquqlarini ta’minlash borasida Oliy Majlisning mas’uliyati va imkoniyatlari tobora ortib bormoqda. Xususan, qonunchilikni takomillashtirish, Davlat budjeti mablag‘larining inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilgi Samarqand forumining mavzusi ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Bu yil Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60 yil to‘lmoqda. Shuningdek, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 30 yilligi nishonlanmoqda.

Bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlash sohasida yangi tahdid va muammolar yuzaga kelmoqda. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, tenglik, xavfsizlik va boshqa inson huquqlariga oid yangi masalalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, forum doirasida inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini zamonaviy sharoitga moslashtirish, inson qadr-qimmati va tenglikni ta’minlash, shuningdek, barqaror taraqqiyotga erishishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari keng muhokama qilinmoqda.

Tadbir yakunida inson huquqlari va erkinliklarini samarali himoya qilish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda zamonaviy tahdidlarga birgalikda javob qaytarish bo‘yicha fikr va takliflar ilgari surilishi kutilmoqda.

Teglar
#Jahon
Baholash