Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Cho Chjon Shik bilan uchrashdi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilgani, parlament delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari muntazam tus olayotgani alohida taʼkidlandi. 2025-yil dekabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishda muhim platforma sifatida eʼtirof etildi.
Shu munosabat bilan parlament rahbarlarining kelgusi uchrashuvlari kun tartibiga davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish masalasini kiritish taklif etildi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish ham muloqotning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Xususan, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatiga mahalliy Kengashlar deputatlarini jalb etish tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi.
Shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va gumanitar sohalar bilan bir qatorda sunʼiy intellekt, muhim minerallar, raqamli iqtisodiyot hamda ilgʻor texnologiyalar yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.