Avval xabar berilganidek, Senat Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya “Seoul Startup Hub Gongdeok” startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Kim Chon U bilan uchrashdi. Unda startap-ekotizimni rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kim Chon U O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, malakali mutaxassislar salohiyati, xorijiy startaplar uchun soddalashtirilgan viza tartiblari hamda institutsional qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yuqori baholadi.
Muloqot davomida ikki mamlakat texnologik kompaniyalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Janubiy Koreya startaplarini O‘zbekistonga jalb etish, qo‘shma texnologik loyihalarni amalga oshirish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda mamlakatimizni Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun mintaqaviy platforma sifatida rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillarini Markazning xalqaro dasturlariga keng jalb etish, yirik biznes vakillari va startap-loyihalar o‘rtasida “Open Innovation” tamoyili asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat startaplarining O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Land of Startups” va Janubiy Koreyadagi “Try Everything” tanlovlarida ishtirokini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.