Siyosat / 10-Noyabr, 18:20 17

Koreya Respublikasi bilan parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Milliy Assambleyaning Madaniyat, sport va turizm qoʻmitasi raisi, “Koreya – Oʻzbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Kim Gyo Xon bilan uchrashuv  oʻtkazdi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati izchil rivojlanib, parlament qoʻmitalari darajasida muloqot oʻtkazish va oʻzaro tajriba almashish imkoniyatlari kengaymoqda.

Uchrashuvda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) koʻmagida Oliy Majlis palatalarida amalga oshirilayotgan “Elektron parlament” loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur loyiha doirasida parlament faoliyatini raqamlashtirish, mahalliy Kengashlar bilan elektron hamkorlikni rivojlantirish hamda zamonaviy texnologiyalar, shu jumladan, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, madaniyat, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish, yosh parlament aʼzolari oʻrtasida tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda 2027-yilda ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi hamda koreys diasporasining Oʻzbekistonda istiqomat qilayotganiga 90 yil toʻlishi munosabati bilan qoʻshma parlament tadbirlarini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Teglar
#Siyosat
Baholash