Senat Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Seul shahridagi Texnologiyalar va kasb-hunar taʼlimi institutida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Institut direktori Pak Kim Ok bilan boʻlib oʻtgan muloqotda mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash, xotin-qizlarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish hamda ularning bandligini taʼminlash borasidagi Koreya tajribasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, institut faoliyatida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, taʼlim jarayonini ish beruvchilar ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ayni paytda muassasada 24 ta yoʻnalish boʻyicha yiliga 1 286 nafar tinglovchi tahsil oladi. Jumladan, tikuvchilik, dizayn, goʻzallik industriyasi, buxgalteriya va ijtimoiy xizmat kabi sohalarda, asosan, xotin-qizlar kasbiy tayyorgarlikdan oʻtadi.
Uchrashuvda Pak Kim Ok oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish, shuningdek, tegishli kelishuvlar asosida Oʻzbekiston fuqarolarining institutda tahsil olish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari institutning oʻquv xonalari, amaliy mashgʻulot ustaxonalari hamda taʼlim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.