Jahon / 14-Avgust, 20:04 44

Xitoy avtomobil eksportini keskin oshirmoqda: dunyoda tashuvchi kemalar taqchilligi yuzaga keldi

Xitoy avtomobillarni shu qadar katta hajmda eksport qilmoqdaki, ularni xorijga yetkazib berish uchun maxsus avtomobil tashuvchi kemalar yetishmayapti. The Wall Street Journal maʼlumotlariga koʻra, Xitoy 2026-yilda 10 milliontagacha avtomobil eksport qilishi mumkin.

Avtomobil tashishga moʻljallangan maxsus ro-ro kemalariga talab keskin oshgan. Natijada bunday kemalarni ijaraga olish stavkalari 2026-yilda 65 foizga koʻtarilgan, ayrim kemalar esa yillar oldindan band qilinmoqda.

Xitoy avtomobil eksportining jadal oʻsishiga mamlakat ichki bozoridagi kuchli raqobat, ishlab chiqarish hajmining yuqoriligi va ichki talabning sustlashuvi ham taʼsir qilmoqda. Shu sababli ishlab chiqaruvchilar xorijiy bozorlarga tobora faol chiqmoqda.

Taʼkidlanishicha, global avtomobil tashuvchi kemalar parki qariyb 40 foizga kengayganiga qaramay, bu oʻsish Xitoy eksportining surʼatini qoplash uchun yetarli boʻlmayapti. Ayrim ishlab chiqaruvchilar avtomobillarni oddiy yuk konteynerlarida tashish usulidan ham foydalanishga majbur boʻlmoqda.

Shunday qilib, Xitoyning avtomobil eksportidagi jadal oʻsish nafaqat jahon avtomobil bozorida, balki xalqaro logistika tizimida ham yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Teglar
#Jahon
Baholash