Yangihayot tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Yangihayot tumani Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Unda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxanov, Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi G.Marufova, Soliq qoʻmitasi rahbariyati, xalq deputatlari Yangihayot tumani Kengashi deputatlari, mahalliy ijro hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida tuman hokimi, prokurori hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining hisobotlari tinglanib, hududdagi kriminogen vaziyat, amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar samaradorligi va mavjud muammolar yuzasidan deputatlar tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirildi.
Taʼkidlanganidek, 2026-yilning birinchi yarim yilligida tumanda muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 50 foizga, yoshlar jinoyati 38 foizga, ayollar jinoyati 25 foizga hamda mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 14,2 foizga kamaygan. Shuningdek, ichki ishlar organlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar sonining 19 foizga oshgani huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika ishlarining samaradorligi ortayotganini koʻrsatdi.
Muhokamalar davomida profilaktik tadbirlar ijrosi ustidan taʼsirchan nazoratni kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash, belgilangan vazifalarning axborot platformalarida toʻliq aks ettirilishini taʼminlash hamda masʼul tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Majlis yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida qoʻshma qaror qabul qilinib, belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.