Jamiyat / 02-Sentabr, 22:04 29

Yangi o‘quv yili — yangi maqsadlar sari ilk qadam

Maktablarda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirok etib, o‘quvchilar, ota-onalar hamda pedagoglar bilan samimiy muloqot qildilar.

Xususan, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 5-maktabda o‘tkazilgan bayram tadbirida qatnashdi. Senator o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, iqtidor va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, senator Gulnora Marufova Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-maktabda o‘quvchilar bilan uchrashib, mamlakatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashdi.

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan tadbirda Senat qo‘mitasi a’zosi Pokiza Axmedjanova ishtirok etdi. U o‘quvchilarni Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklab, ularga bilim olishda, ezgu maqsadlar sari intilishda va kelajakda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Senat qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova esa Sergeli tumanidagi 76-maktabga tashrif buyurib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Yoshlarning bilimli va salohiyatli bo‘lib voyaga yetishi mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ekanini ta’kidlab, ularni tinimsiz o‘qish va izlanishga chaqirdi.

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Shavkat Ayupov Toshkent shahridagi 243-maktabda o‘tkazilgan bayram tadbirida qatnashdi. Tadbirda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishishi va xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Samarqand shahridagi 14-maktabda o‘tkazilgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Rustam Xolmurodov ham ishtirok etdi. Senator o‘quvchilarni zamonaviy bilimlarni egallash, kreativ va mustaqil fikrlash, xorijiy tillarni puxta o‘rganishga chaqirdi. Maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan jajji o‘g‘il-qizlarga Prezident sovg‘alari topshirildi.

Bunday tadbirlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom etib, yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlashga, yoshlarni bilim olish va yuksak marralar sari intilishga ruhlantirdi.

 Yangi o‘quv yili barchaga omad, ulkan zafarlar va yangi bilimlar olib kelsin!

Teglar
#Jamiyat
Baholash