Prezident: har bir oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash eng muhim vazifa
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda 3-sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi, hududlardagi shtablar faoliyati hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Yangi tizimga muvofiq, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilgan. Ularning asosiy vazifasi aholini ish bilan ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va muammolarni joyning o‘zida hal etishdan iborat.
Davlat rahbari ayrim rahbarlar hanuzgacha ishni kabinetdan turib tashkil etayotgani, mahallaga tushib, har bir oila va korxonadagi haqiqiy holatni o‘rganmayotganini tanqid qildi.
Ta’kidlanganidek, kambag‘allikni qisqartirish faqat ijtimoiy reyestr bilan ishlashdan iborat emas. Asosiy maqsad oilalarni barqaror daromad manbaiga bog‘lash, yangi ish o‘rinlari yaratish va zarur infratuzilma hamda sharoitlarni ta’minlashdir.
Ishlamayotgan korxonalarni qayta ishga tushirish
Yig‘ilishda hududlarda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Qo‘shko‘pir tumanida 43 million yevroga qurilgan va 1 ming 300 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan to‘qimachilik korxonasi yil boshidan buyon ishlamayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, 124 ta korxonaning 6 trillion so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish orqali 10 mingta ish o‘rnini tiklash imkoniyati borligi qayd etildi.
Davlat banklari balansida mavjud qariyb 2,5 mingta, umumiy qiymati 10 trillion so‘mlik mol-mulkni samarali ishga solish orqali 40 mingtagacha ish o‘rnini tiklash mumkinligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bir hafta muddatda qarzdorlik sabab banklar balansiga o‘tgan korxonalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish va yil yakuniga qadar ularni qayta ishga tushirish yoki yaxlit ishlab chiqarish sifatida sotish choralarini ko‘rish topshirildi.
Ehtiyojmand oilalar uchun yangi imkoniyatlar
Qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun 1-oktabrdan ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz etib belgilanadi.
Yig‘ilishda xususiy sektor imkoniyatlaridan foydalanish masalasi ham muhokama qilindi. Oqoltin tumanida tadbirkor tomonidan 880 o‘rinli xususiy maktab tashkil etilib, kambag‘al oilalarning 110 nafar farzandi bepul ta’lim olayotgani ijobiy misol sifatida keltirildi.
Shuningdek, Hazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonasida 400 ta bo‘sh ish o‘rni mavjudligi, biroq bola parvarishi bilan bog‘liq sharoitlar yetarli emasligi sabab ayrim ayollar ishga chiqa olmayotgani qayd etildi.
Servis sohasida yangi yondashuv
Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida sartaroshxona, go‘zallik saloni, do‘kon, atelye, poyabzal va maishiy texnika ustaxonalarini tashkil etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Shu bois birinchi qavatdagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bunda xabardor qilishning o‘zi yetarli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda bo‘sh bino va yer maydonlarini tadbirkorlik loyihalariga jalb etish, gavjum ko‘chalarda yangi loyihalarni joylashtirish, turizm hududlarida mehmon uylari, savdo va servis shoxobchalarini ko‘paytirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Qishloq joylarda eski bog‘lar va qarovsiz yerlarni yangilash, har bir gektardan olinadigan daromadni oshirish, ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh hududlarni obodonlashtirish ham muhim vazifa sifatida qayd etildi.
Shuningdek, maktab, texnikum va oliygohlardagi bo‘sh xonalardan darsdan tashqari vaqtlarda yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar hamda xorijiy tillarga o‘qitishda foydalanish topshirildi.
Davlat rahbari mahallada ishni to‘g‘ri tashkil etish, davlat siyosatini eng quyi bo‘g‘ingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash barcha darajadagi rahbarlarning eng muhim vazifasi ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda hududlar rahbarlari, tuman va shahar hokimlari hamda mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.