Jamiyat / 02-Sentabr, 21:57 27

Birinchi Prezidentimiz xotirasi yodda va qalblarda

2-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Islom Karimov mamlakatimiz tarixining nihoyatda murakkab va mas’uliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qildi. Uning nomi O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan chambarchas bog‘liq.

Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘zligini anglab, milliy qadriyatlarimiz, ona tilimiz va ma’naviy merosimizga bo‘lgan e’tibor va hurmatni qayta tikladi. Ajdodlarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etish imkoniga ega bo‘ldik.

Mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini ta’minlash, mustaqillik poydevorini mustahkamlash hamda xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lida xizmat qilgan insonlar xotirasini e’zozlash xalqimizning muhim ma’naviy qadriyatlaridan biridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkent shahrida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Samarqand shahrida uning maqbarasini ziyorat qilish ham ezgu an’anaga aylandi.

Xotira marosimida Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligi, yurtimiz tinchligi va barqarorligi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.

Tadbirda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar hamda Toshkent shahri jamoatchiligi ishtirok etib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash