Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar «Fatvo sohasidagi ulkan xizmatlari uchun» Imom Qorafiy xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi, Jahon fatvo va kengashlar kotibiyati raisi professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr Vaqqflar vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berildi. Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazarning islomiy diniy ma’rifatni keng targ‘ib qilish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy fatvo berish faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Taqdirlash marosimida turli davlatlardan kelgan 500 nafardan ortiq konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlari hamda Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarning ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.
Unda O‘zbekiston qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-fan, ta’lim va islom madaniyatining yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgani ta’kidlandi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro konferensiyalar, Fatvo markazining tashkil etilishi hamda mo‘tadillikni targ‘ib etishga qaratilgan muhim tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.