Jahon / 02-Sentabr, 10:56 24

O‘zbekiston – Singapur parlamentlararo hamkorligi yangi bosqichda

🇺🇿🇸🇬 Oliy Majlis Senatida Singapur Katta vaziri Li Syan Lun nutq so‘zladi

Oliy Majlis Senatida Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun nutq so‘zladi.

Tadbirda O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, taʼlim, innovatsiya va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Senat Raisi Singapurning qisqa tarixiy davrda yuksak taraqqiyot darajasiga erishishida uzoq muddatli strategik islohotlar, qonun ustuvorligi, samarali davlat boshqaruvi hamda inson kapitaliga berilgan ustuvor eʼtibor muhim omil bo‘lganini taʼkidladi.

Li Syan Lun o‘z nutqida zamonaviy dunyoda kechayotgan jarayonlar, Osiyo taraqqiyot tendensiyalari va global tahdidlarga birgalikda javob qaytarish masalalariga to‘xtaldi. Shuningdek, davlat boshqaruvi, taʼlim, innovatsiyalar, inson kapitali va iqtisodiy taraqqiyot sohalarida tajriba almashish muhimligini qayd etdi.

Parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, qonun ijodkorligi, parlament faoliyatini raqamlashtirish, davlat siyosati, yoshlar siyosati va zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha aloqalarni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Kelasi yili O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadi. Mazkur sana ikki davlat hamkorligining yangi istiqbollarini belgilash uchun muhim imkoniyat bo‘lishi qayd etildi.

📖 Singapur Respublikasining Katta vaziri Senatning Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirdi.

Teglar
#Jahon
Baholash