13-avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasiga hujum qilgani xabar qilindi. Hujum oqibatida Salavat shahridagi “Gazprom neftekhim Salavat” neftni qayta ishlash zavodi hamda Chishmi tumanidagi Wildberries logistika majmuasi joylashgan hududda yong‘in yuzaga kelgan.
Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirovning ma’lum qilishicha, dronlardan birining qoldiqlari Salavat shahridagi sanoat zonasiga qulagan va shundan so‘ng yong‘in chiqqan.
Wildberries kompaniyasi ham Boshqirdistondagi obyektlaridan biri joylashgan sanoat hududida havo hujumi oqibatida yong‘in yuzaga kelganini tasdiqlagan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyektda tovarlar saqlanmagan, xodimlar esa xavfsizlik choralariga muvofiq hujumdan avval evakuatsiya qilingan.
Hozircha hujumning aniq ko‘lami va obyektlarga yetkazilgan zarar miqdori haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Boshqirdiston rasmiylariga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki kishi jarohatlangan.
Rossiya tomoni hujum ortida Ukraina turganini bildirgan. Kiyev rasmiylari esa hozircha mazkur voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.