Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi bilan birga O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Buxoro shahriga keldi.
Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kutib oldi.
Mehmonlar sharafiga tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi. Unda milliy qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Bugun davlat rahbarlari qadimiy Buxoroning tarixiy obidalari bilan tanishib, shaharning boy madaniy-tarixiy merosini birgalikda tomosha qiladilar.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining Buxorodagi muloqoti doirasida sanoat korxonalarining faoliyati bilan tanishish ham rejalashtirilgan.