“Narra” to‘foni Xitoy janubi va Vetnam shimolida kuchli yog‘ingarchilik, suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida o‘n minglab aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi.
Xitoyning Guansi provinsiyasida qariyb 54 ming kishi evakuatsiya qilindi. Shundan 8 087 nafari vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirildi. Hududdagi 15 ta daryoda suv sathi xavfli darajadan oshgan.
Chunszuo shahrining ayrim hududlarini suv bosgan. Qutqaruvchilar qayiq va maxsus texnika yordamida aholiga yordam ko‘rsatmoqda.
Vetnam shimolida ham kuchli yomg‘irlar Lang Son va boshqa provinsiyalarda suv toshqinlari hamda yer ko‘chkilarini yuzaga keltirdi. Kamida bir kishi halok bo‘lgan, minglab xonadonlar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, to‘fonning sekin harakatlanayotgani sababli kuchli yog‘ingarchiliklar davom etishi va suv toshqinlari hamda ko‘chkilar xavfi saqlanib qolishi mumkin.
Tabiiy ofat transport infratuzilmasiga ham zarar yetkazgan. Ayrim yo‘llar suv ostida qolib, transport harakati cheklangan, turar joylar va qishloq xo‘jaligi yerlari zarar ko‘rgan.
Noqulay ob-havo Xitoyning kosmik dasturiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ob-havo sharoiti sabab “Chang’e-7” Oy missiyasining uchirilishi kechiktirildi.