Xitoyda zavoddagi baxtsiz hodisa oqibatida son qismidan ikkala oyog‘idan ayrilgan 51 yoshli erkak qariyb 20 oylik davolanishdan so‘ng yana yurishni boshladi.
Shifokorlar oyoqlarni qayta ulash uchun qariyb 8 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Suchjou shahridagi Juyxua ortopediya shifoxonasi ma’lumotiga ko‘ra, bu son qismidan to‘liq uzilgan ikkala oyoqni bir vaqtning o‘zida muvaffaqiyatli qayta ulash bo‘yicha dunyodagi ilk holat hisoblanadi.
Hozir bemor maxsus yurish moslamasi yordamida xona ichida mustaqil harakatlana oladi va kundalik ehtiyojlarining aksariyatini o‘zi bajarmoqda. Oyoqlardagi sezuvchanlik ham asta-sekin tiklanmoqda.
Shifokorlar uning ahvoli ijobiy ekanini qayd etib, kelgusi 1–2 yil ichida tayanch vositalarisiz mustaqil yurishi mumkinligini bildirishgan.