Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Jamila Bobanazarova Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, mas’ullar hamda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyati, ularning fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ahamiyati tushuntirildi.
Tuman Kengashi deputatlari bilan uchrashuvda qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga keng yetkazish, ularning joylarda ijrosini ta’minlash va Senat qarorlari ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Senator tumandagi ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi holatini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Ichki yo‘llar, obodonlashtirish ishlari, aholi uchun yaratilgan sharoitlar hamda infratuzilma obyektlaridagi muammolar ko‘zdan kechirildi.
Ochiq muloqot davomida fuqarolarning murojaat va takliflari tinglandi. Ko‘tarilgan masalalarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish, aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va tumandagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.