Jamiyat / 25-Avgust, 15:46 30

Yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish: Navoiy viloyatidagi ishlar o‘rganildi

 

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan Navoiy viloyatida yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda boshqa kuchli ta’sir qiluvchi moddalar iste’molining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida hududiy komissiyalarning faoliyati, profilaktika va erta aniqlash mexanizmlari, shuningdek, muammoli holatlar bilan manzilli ishlash samaradorligiga e’tibor qaratildi.

Karmana va Navbahor tumanlaridagi tibbiyot birlashmalarining narkologik xizmat faoliyati ham tahlil qilinib, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida olib borilayotgan profilaktik, tibbiy-ijtimoiy va tushuntirish ishlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Navoiy shahridagi “Xonchorbog‘”, “Zarafshon”, “Mustaqillik”, “Oltinvodiy”, “Bunyodkor” va “Turon” mahallalarida yoshlar va xotin-qizlar bilan individual ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasidagi faoliyat bilan tanishildi.

Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi, Navoiy davlat universiteti va umumta’lim maktablarida yoshlarni zararli odatlardan asrash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan ishlar o‘rganildi.

O‘rganish yakunlari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, profilaktik ishlarni yanada manzilli va tizimli tashkil etish hamda davlat organlari, tibbiyot va ta’lim muassasalari, mahalla va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash