Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Chinobod” va “Tinchlik” mahallalarida aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ijtimoiy infratuzilma obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
Ishchi guruh tomonidan Qibray tumani Situatsion markazi faoliyati ham o‘rganilib, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni monitoring qilish, aholi murojaatlari bilan ishlash hamda muammolarni tezkor hal etishga qaratilgan raqamli boshqaruv mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “Mega Makon” gilam ishlab chiqarish korxonasi va qator oilaviy tadbirkorlik subyektlari faoliyati o‘rganildi. Jumladan, bedana va limon yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan oila xo‘jaligiga tashrif buyurilib, o‘zini o‘zi band qilish, daromad manbalarini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishildi.
Ayni paytda xo‘jalikda qariyb 3 600 ta bedana boqilmoqda. Bedanachilik xo‘jaligida aholida talab yuqori bo‘lgan tuxum va go‘sht mahsulotlari yetishtirilmoqda. Faoliyatni yanada kengaytirish maqsadida xo‘jalik hovlisida issiqxona barpo etilgan. Unda limon yetishtirilib, yil davomida mo‘l hosil olinmoqda hamda iste’molchilarga sifatli mahsulot yetkazib berilmoqda.
Keyingi manzilda mebel ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi oilaviy korxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu yerda mahsulotlar o‘z ustaxonasida tayyorlanib, tayyor mebellar xaridorlarga taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, tumanda faoliyat yuritayotgan “EduLine” ta’lim markazi faoliyati ham o‘rganildi. Markazda yoshlar uchun xorijiy tillar, matematika hamda maktabgacha ta’lim yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar tashkil etilgani qayd etildi.
Shuningdek, tikuvchilik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega ayol tadbirkorning faoliyati bilan tanishilib, xotin-qizlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va ishlab chiqarish hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.