Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yilda korrupsiyaning oldini olish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, bank va kadastr sohalarida korrupsiya hamda byurokratiyaning kelib chiqish sabablari o‘rganilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun manzilli “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi. Shuningdek, sohaga oid 7 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish ko‘lami kengaytirildi.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. 2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Mazkur jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar, asosan, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari sohalarida qayd etilgan. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida esa 12,6 trillion so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan.
Senatorlar korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlarni kuchaytirish, davlat xaridlarida qonuniylikni ta’minlash, ichki nazorat (komplayens) tizimi samaradorligini oshirish va davlat organlari faoliyatining ochiqligini kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirilib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.