Jamiyat / 20-Avgust, 21:40 40

O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlararo hamkorlikni kengaytirmoqda

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerali Tug‘janov bilan uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish, xususan, parlamentlararo hamkorlik, siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlari davlat rahbarlarining do‘stona siyosati tufayli izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Parlamentlararo hamkorlik doirasida qonun ijodkorligi, parlament nazorati, hududiy Kengashlar faoliyati, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishlarida tajriba almashishni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Qozog‘istonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar va yangi parlament modeli yuzasidan fikr almashildi. Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan mamlakat parlamenti bir palatali Qurultoy shaklida faoliyat yuritishi hamda uning ilk saylovi 23-avgust kuni o‘tkazilishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirishga kelishib olindi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash