Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Xususan, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida “Yangiqurilish” mahallasida amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘zdan kechirildi. Mahallada 4,5 mingdan ortiq aholi, 652 ta xonadon istiqomat qiladi.
Dastur doirasida 4,5 kilometr yo‘lni asfaltlash, 1,6 kilometr piyodalar yo‘lagi hamda 3,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 370 ta beton ustun o‘rnatish va 1,5 kilometr yopiq kabel tarmog‘ini tortish ko‘zda tutilgan.
Hozirga qadar 1 kilometr yo‘l asfaltlanib, 1 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan. 150 ta beton ustun o‘rnatilib, 600 metr havo tarmog‘i tortilgan.
Mahallada tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgan 24 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasida qurilish-montaj ishlari 90 foizga bajarilgan.
Senator amalga oshirilayotgan loyihalar, avvalo, aholiga qulaylik yaratishi va ularning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish, qurilish ishlarining sifati va belgilangan muddatlarga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, “Qiziltepa” mahallasidagi ishlar ham o‘rganildi. Bu yerda 3,1 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda Do‘stlik ko‘chasining 1,5 kilometr qismida asfaltlash ishlari olib borilmoqda. Tadbirkorlar tashabbusi bilan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sportni rivojlantirish maqsadida zamonaviy futbol maydonchasi ham foydalanishga topshirilgan.
O‘rganishlar yakunida hududlarda bunyodkorlik ishlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, obyektlarni sifatli barpo etish hamda belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.