Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida mahalliy Kengashlar faoliyati, aholi bilan ishlash hamda ijtimoiy soha obyektlaridagi holatni o‘rgandi.
Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashi faoliyati tahlil qilinib, ish yuritish, ijro intizomi va hujjatlarni rasmiylashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Doimiy komissiyalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazilib, qaror loyihalarini qonunchilik talablariga muvofiq tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
“Xo‘jand” mahallasida obodonlashtirish, infratuzilma, aholi bandligi va murojaatlar bilan ishlash holati ko‘zdan kechirildi. Aholi bilan muloqot davomida hududdagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xo‘jand oilaviy shifokorlik punktida tibbiy xizmat sifati va yaratilgan sharoitlar, “Shayxon” mahallasidagi rekonstruksiya qilinayotgan 47-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida esa qurilish ishlarining borishi o‘rganildi.
Namangan tumanining “Xo‘nobod” mahallasidagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida amalga oshirilayotgan ishlar, obyektning tayyorlik darajasi va bolalar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘rib chiqildi.
“Eshobod” mahallasidagi 1-sonli umumta’lim maktabida davlat dasturi doirasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari tahlil qilinib, qolgan ishlarni sifatli yakunlash va obyektni Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirish masalalari muhokama qilindi.
“Sho‘rqishloq” mahallasida ichki yo‘llarni asfaltlash va ariqlarni tartibga keltirish ishlari holatiga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
“Anjirzor” mahallasida aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, mahalliy Kengash sessiyalarida qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Fuqarolarning taklif va murojaatlari tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.