Joriy yilning 14-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Mustaqil Oʻzbekiston – 35 yillik taraqqiyot yoʻli: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis palatalari tashabbusi bilan tashkil etilgan anjuman Adliya vazirligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida oʻtkazildi.
Konferensiyada parlament aʼzolari, davlat organlari vakillari, xorijiy davlatlar parlamentlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Oʻzbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli, ushbu davrda amalga oshirilgan siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Alohida taʼkidlanganidek, soʻnggi oʻn yillikda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlarning markazida inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda farovonligini taʼminlash masalasi turibdi.
Oliy Majlis Senati Raisi oʻz nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan tub islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida yangicha yondashuvlarni shakllantirganini qayd etdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda parlament rolini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgarishlar qonunchilik hokimiyatining oʻrni va masʼuliyatini yanada oshirdi. Bugungi kunda parlament oldidagi asosiy vazifa berilgan vakolatlarning oʻzidan koʻra, ushbu vakolatlar orqali xalq hayotida aniq va ijobiy natijalarga erishishdan iborat ekani taʼkidlandi.
Mazkur yondashuv mahalliy Kengashlar faoliyatiga ham bevosita daxldor. Aholi murojaatlarini eshitish, hududlardagi muammolarga amaliy yechim topish va natijadorlikni taʼminlash mahalliy vakillik organlarining muhim vazifalaridan biri sifatida qayd etildi.
Konferensiyada Oʻzbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va amaliy hamkorlik muhiti tobora mustahkamlanayotgani ham alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, parlament diplomatiyasining oʻrni, tajriba almashish va umumiy muammolarga birgalikda yechim topish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston parlamentining Parlamentlararo ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi hamda xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorligi izchil kengayib bormoqda. Soʻnggi yillarda Toshkentda oʻtkazilgan nufuzli xalqaro parlament anjumanlari mamlakatimizning parlamentlararo muloqotdagi faolligi va parlament diplomatiyasidagi nufuzi ortib borayotganining muhim ifodasidir.
Jumladan, Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti, BMT bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga bagʻishlangan global forumlar oʻtkazildi. Shuningdek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tarixda ilk bor Markaziy Osiyoda — Toshkent shahrida tashkil etildi.
Bunday yirik xalqaro tadbirlarning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizning parlamentlararo muloqotdagi faolligi, ochiqligi va xalqaro parlament diplomatiyasidagi nufuzi yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Mazkur hamkorlik joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Oʻzbekiston parlamenti va Parlamentlararo ittifoq hamkorligida yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi oʻtkazilishi bilan davom ettiriladi. Ushbu anjuman yosh parlament aʼzolari oʻrtasida xalqaro muloqot va tajriba almashish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.
Zero, bugun parlamentlar faoliyatiga kirib kelayotgan yosh avlod ertaga nafaqat milliy siyosat, balki xalqaro parlamentlararo muloqotning ham yangi qiyofasini belgilaydi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar shoʻbalarga boʻlingan holda mamlakat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlariga oid masalalarni muhokama qildi. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar va parlamentarizmni rivojlantirish, iqtisodiy transformatsiya va investitsion jozibadorlikni oshirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Shuningdek, parlament islohotlarining istiqboldagi ustuvor vazifalari yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Muhokamalarda mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida qonunchilikni takomillashtirish, parlament nazoratining samaradorligini oshirish va xalq manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan yondashuvlarni yanada rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Tadbirda kelgusi taraqqiyotning muhim omillari sifatida zamonaviy bilim va texnologiyalarni keng joriy etish, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish hamda hududlar oʻrtasidagi imkoniyatlar tafovutini kamaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr, taklif va tavsiyalar asosida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, qonunchilik sohasidagi ilgʻor tajriba almashinuvini kengaytirish, oʻzaro muloqotni mustahkamlash hamda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Toshkent deklaratsiyasi Oʻzbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yoʻlida erishilgan natijalarni sarhisob qilish bilan birga, mamlakatning kelgusi rivojlanish istiqbollari va parlamentlararo hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilashda muhim hujjat boʻlib xizmat qiladi.