Foydali / 14-Iyul, 22:10 10

Senator tashabbusi bilan Qibray tumanida yangi bogʻcha  foydalanishga topshirildi

Toshkent viloyati Qibray tumanining “Boyjigit” va “Maʼrifat” mahallalari aholisi tomonidan hududda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud emasligi sababli farzandlarini Toshkent shahridagi bogʻchalarga olib borishga majbur boʻlayotganliklari yuzasidan murojaatlar kelib tushgan edi.

 

Mazkur murojaatlar yuzasidan Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi Malika Kodirxonova tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi hamda masala Senat yalpi majlisida koʻtarildi.

 

Senator tashabbusi natijasida Qibray tumanining “Boyjigit” mahallasi hududida joylashgan “Mehrjon” nomli 34-sonli koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining boʻsh turgan 30 sotix yer maydonida 120 oʻrinli yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini barpo etish loyihasi 2025-yilgi Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun Davlat byudjeti hisobidan 3,6 mlrd soʻm ajratildi.

 

Qurilish va taʼmirlash ishlari yakunlanib, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, bolalarning sifatli taʼlim-tarbiya olishi, intellektual va jismoniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarga ega yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

 

Joriy yilning 13 iyul kuni boʻlib oʻtgan ochilish marosimida mahalla faollari, keng jamoatchilik va ota-onalar ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar mazkur taʼlim muassasasi aholi, ayniqsa yosh oilalarning koʻp yillik ehtiyojini qondirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

 

Tadbir ishtirokchilari muassasada bolalar uchun yaratilgan zamonaviy oʻquv xonalari, oʻyin maydonchalari, oshxona, tibbiyot xonasi hamda boshqa infratuzilma obyektlari bilan tanishib, yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.

 

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi aholi murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish va ularning ijobiy yechimini taʼminlashda parlament nazorati hamda senatorlar tashabbuslarining amaliy samarasini yana bir bor namoyon etdi.

Teglar
#Foydali
Baholash