Iqtisodiyot / 06-Avgust, 10:32 53

Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasida iqtisodiy islohotlarga xizmat qiluvchi qonunlar muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qurilish sohasida qonuniylikni mustahkamlash hamda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga qaratilgan bir qator qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonun bilan chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimini joriy etish, mamlakatimizga yuqori daromadli investorlar hamda malakali mutaxassislarni jalb qilish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va iqtisodiyot tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni rag‘batlantirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, dual ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha soliq imtiyozlarini joriy etish belgilanmoqda. Senatorlar mazkur normalar investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida mazkur Qonun bilan tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari qonun darajasida mustahkamlanishi, tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari kengaytirilishi hamda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar joriy etilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reestrini yuritish, mas’uliyatli biznes yuritish va ijtimoiy tadbirkorlik institutlarini huquqiy tartibga solishga oid normalar belgilanmoqda. Senatorlarning fikricha, ushbu o‘zgarishlar tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va investitsiyalar oqimini kengaytirishga xizmat qiladi.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda noqonuniy yashashning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Qonun foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishining oldini olish, qurilish sohasida qonuniylikni mustahkamlash hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Qonun bilan buyurtmachi va pudratchilarning mas’uliyati kuchaytirilib, bunday huquqbuzarliklar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Senatorlar mazkur hujjat qurilish sohasida xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va sohada mas’uliyatni oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Muhokamalar yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Teglar
#Iqtisodiyot
Baholash