Siyosat / Kecha, 19:07 6

Toshkent deklaratsiyasi va O‘zbekiston tajribasi xalqaro e’tirof markazida

Parlamentlararo ittifoq (PII) tomonidan Jenevada e’lon qilingan 2025-yil yakunlari bo‘yicha yillik hisobotda O‘zbekiston parlamentining xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati alohida e’tirof etildi. Xususan, 2025-yil 5–9-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tashkilotning eng muhim voqealaridan biri sifatida baholangan.


Hisobotda ta’kidlanishicha, mazkur Assambleya Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilgan bo‘lib, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, global muammolar yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va parlament diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim maydonga aylandi. Tadbirning yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazilgani ham alohida qayd etilgan.


Yillik hisobotga ko‘ra, Parlamentlararo ittifoq 2025-yil davomida 80 ta xalqaro tadbirni tashkil etdi. Ular orasida ikki Assambleya, o‘nlab mintaqaviy uchrashuvlar hamda parlamentlar salohiyatini oshirishga qaratilgan 40 ta milliy tadbir o‘rin olgan. Shu bilan birga, parlament a’zolarining huquqlariga oid 1 027 ta murojaat ko‘rib chiqilgan.


Hisobotda parlamentlar faoliyatining samaradorligini oshirish, xotin-qizlar va yoshlarning siyosiy ishtirokini kengaytirish, sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi masalalarida parlament nazoratini kuchaytirish hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish 2025-yilning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.


Toshkentda o‘tgan 150-yubiley Assambleya natijalari hisobotda keng yoritilgan. Xususan, forumda ayol parlament a’zolari ulushi 37 foizdan oshgani va bu so‘nggi yillarda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekani e’tirof etilgan.


Hisobotda Assambleyaning asosiy siyosiy hujjati — Toshkent deklaratsiyasining ahamiyatiga ham alohida urg‘u berilgan. Unda kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, demokratik iqtisodiyotni rivojlantirish hamda sun’iy intellekt kabi zamonaviy texnologiyalarni samarali huquqiy tartibga solish bo‘yicha parlamentlar oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.


Shuningdek, Assambleya doirasida taqdim etilgan “Parlamentlarda gender tengligiga erishish yo‘lidagi 10 ta amaliy harakat” tashabbusi ham xalqaro miqyosdagi muhim qadam sifatida baholangan.
Hisobotda O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tajribasi ham yuqori baholangan.

 Xususan, Oliy Majlis Senati tomonidan Parlamentlararo ittifoq qarorlarini milliy rivojlanish kun tartibi bilan uyg‘unlashtirish maqsadida qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” hamda inson huquqlariga bag‘ishlangan seminarlar ilg‘or amaliyot sifatida e’tirof etilgan.


Parlamentlararo ittifoq ekspertlari Oliy Majlis Senatining Assambleya qarorlarini milliy darajada izchil amalga oshirish bo‘yicha yondashuvini boshqa davlatlar parlamentlari uchun samarali va namunali tajriba sifatida baholagan.

 

Bu e’tirof O‘zbekistonning xalqaro parlament hamkorligidagi faolligi tobora ortib borayotganini, mamlakat parlamenti ilgari surayotgan tashabbuslar esa xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib baholanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Teglar
#Siyosat
Baholash